Xalqaro talabalar ro’yxatida Xitoy hanuz peshqadam

Posted April 16th, 2012 at 11:50 pm (UTC-5)
Leave a comment

Ammo Meksika va Braziliyalik talabgorlar sonida ham bu yil katta o’sish kuzatilgan

Vittenburg universiteti xalqaro talabalari ©Foto Matt Cline

AQSh universitetlariga magistratura va undan yuqori darajalar uchun o’qishga hujjat topshirayotgan xalqaro talabalar soni bu yil 9 foizga o’sgan. Bu o’tgan yilgi o’sishdan ikki foiz kam.

Xitoy, Meksika va Braziliya davlatlaridan kelgan hujjatlar sonida bu yil eng katta o’sish kuzatilgan.

Xalqaro talabalarni o’ziga eng ko’p jalb etayotgan soha injenerlik. Undan keyingi o’rinlarda fizika va geologiya fanlari turibdi. Tabiiy fanlarda o’zgarish yo’q. Ushbu raqamlar Oliy ta’lim dargohlari Kengashining yaqinda e’lon qilingan hisobotida keltiriladi.

AQShga eng ko’p talaba yuboradigan besh davlat Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Tayvan hamda Kanada hisoblanadi. Hisobotda ana shu besh davlat hamda Meksika va Braziliya qamrab olingan. So’nggi yillarda Meksika va Braziliyadan ham o’qishga hujjat topshirayotganlar soni oshgan.

Xitoydan o’qish uchun jo’natilayotgan hujjatlar soni bu yil 18 foizga o’sgan. Hindistonliklar soni esa bu yil ikki foizga ko’p. Janubiy Koreya va Tayvandan kelayotgan arizalar soni esa 1-2 foizga kamaygan.

Afrikadan kelayotgan arizalar soni ham besh foizga kamaygan bo’lsa, Yaqin Sharq va Yevropalik talabalar hujjatlari sonida ham o’sish kuzatilmoqda.

Oliy ta’lim dargohlari Kengashi prezidenti Debra Styuartning aytishica, hujjat jo’natayotgan talabalar soni hamda o’qishga qabul qilinayotgan haqiqiy talabalar soni orasida, albatta, katta farq bor.

“Unutmang, arizalar soni o’qishga kiruvchilar miqdorini belgilamaydi. AQSh oliy o’quv yurtlariga xorijdan kelayotgan arizalarning 47 foizi Xitoyga tegishli. Ammo ularning qabul qilinish darajasi ancha past”, deydi u.

Styuartning aytishica, yettinchi yildirki, Xitoydan kelayotgan hujjatlar soni har yili ketma-ket o’sib bormoqda. “Xitoyda kollejga qatnayotgan odamlar soni yildan yilga ko’paymoqda”, deydi u.

“Xitoyda bakalavr darajasiga ega bo’lgan katta aholi qatlami bor. Oxirgi yillardagi iqtisodiy turg’unlik Xitoyga ham ta’sir etdi. Bu o’lkadan magistratura va boshqa oliy darajali ta’lim dasturlariga hujjat topshirayotgan talabalar sonining oshishi shuning natijasi bo’lishi mumkin”, deydi Styuart.

Ganalik Jorj Ofosu Los Anjelesdagi Kaliforniya universitetida siyosatshunoslik bo’yicha doktorlik darajasi uchun o’qiyapti. Meni o’ziga eng ko’p jalb qilgan narsa bu yerdagi darslar, kutubxonalar hamda moliyaviy yordamning mavjudligi, deydi u.

O’zbekiston Amerikada tahsil olayotgan talabalari soni bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. AQSh Davlat departamentining “Ochiq eshiklar” hisobotida yozilishicha, O’zbekiston 2010-2011-o‘quv yilida okeanortiga 560 nafar talaba yuborgan. Ularning 44,5 foizi bakalavr, 55,5 foizi magistr diplomi uchun tahsil olayotgani aytiladi.

Hisobotda Markaziy Osiyodan jami 3188 talaba Amerikada tahsil olayotgani yozilgan. Talabalari sonining ko’pligi bo’yicha birinchi o‘rinda Qozog‘iston (1890 nafar), ikkinchi o’rinda O’zbekiston (560 nafar), keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (279), Tojikiston (249) va Turkmaniston (210) turadi.

Markaziy Osiyodan AQShga o’qish uchun hujjat topshiruvchi talabalar sonini Xitoy, Hindiston yoki Janubiy Koreya kabi davlatlardan keladigan arizalar miqdori bilan solishtirib bo’lmaydi. Okeanortida o’zbek talabalari sonining kamligiga turli sabablar mavjud.

Avvalo, O’zbekiston aholisi soni jihatidan Xitoy yoki Hindiston kabi yirik davlatlar bilan bellasha olmaydi.

Ikkinchidan, o’zbekistonliklar orasida o’z farzandlarini chet elga o’qish uchun yubora oladigan darajada boy oilalar kam. Amerikada tahsil oluvchi o’zbekistonliklarning deyarli barchasi grantlar va banklardan olinadigan qarzlar hisobiga o’qiydi. Xitoy yoki Hindiston kabi iqtisodi baquvvat o’lka talabalari orasida esa okeanortida o’z puli hisobiga o’qiydiganlar ko’pchilikni tashkil etadi.

Shuningdek, O’zbekiston ta’lim tizimida ingliz tilining asosiy chet tili sifatidagi maqomi mustahkam emas. Vatandoshlarimiz hanuz xorij bilan asosan rus tili orqali bog’lanadi. AQShda o’qish huquqini qo’lga kiritish uchun esa ingliz tilini mukammal bilish kerak.

Yuqoridagi sabablarga qaramay, O’zbekistondan AQShga o’qish uchun kelayotganlar soni yildan yilga o’sib borayotganini qayd etish kerak. Bunda iqtisodiy omil, demografik ko’chish va talabalar o’rtasida ingliz tilini o’rganishning keng ommalashishi kabi turli sabablarni ko’rish mumkin.

Leave a Reply

Muallif haqida



Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida

Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.