Bostondagi portlashlarga aloqadorlikda ikki qozog’istonlik talaba qo’lga olingach, Ichki xavfsizlik bo’yicha vazirlik AQShga talaba vizasi bilan kirib kelayotgan xorijliklarni jiddiy tekshirish bo’yicha yangi buyruq chiqardi. Unga ko’ra, talaba vizasiga ega har bir xorijlik, AQShda o’qish huquqiga egaligi aeroportda obdon tekshirilgandan so’nggina, mamlakatga kirishiga ruxsat beriladi.
Ma’lum bo’lishicha, Boston portlashlariga aloqador ashyoviy dalillarni yo’qotishda ayblanayotgan qozog’istonlik talabalarning biri – Azamat Tajayakov shu yilning 20-yanvar kuni AQShga talaba vizasi bilan kirib kelganda, Dartmausdagi Massachussets universiteti talabalari safida bo’lmagan. Aeroportda uning vizasini tekshirgan ofitser talabalarning qayerda o’qishi yoki o’qiyotgani haqida ma’lumot olish mumkin bo’lgan SEVIS axborot tizimini tekshirmagan. Natijada Azamat Tajayakov, talabalar safidan chetlatilgan bo’lishiga qaramay, immigratsiya tekshiruvidan muammosiz o’tib, AQShga kirib kelgan.
Xavfsizlik xodimlarining aytishicha, shu paytgacha aeroport nozirlari to’g'ridan to’g'ri SEVIS tizimidan axborot olish imkoniyatiga ega bo’lmagan. Biz faqatgina shubhali ko’ringan yoki qo’shimcha savol-javob uchun tekshirilgan xorijlik talabalarning SAVIS tizimidagi ma’lumotini tekshirganmiz, deydi ular. Ichki xavfsizlik bo’yicha vazirlik chiqargan yangi buyruqqa ko’ra, bundan buyon AQShga kirib kelayotgan har bir xorijlik talabaning SAVIS tizimidagi ma’lumotlari tekshiriladi.














Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.