AQShning Stenford universiteti, Massachusets Texnologiya instituti (MTI) kabi bir necha nufuzli oliy o’quv yurtlari bepul “onlayn” kurslarini taqdim etmoqda. Tajriba tariqasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur darslar dunyoning barcha davlatlaridagi talabalar uchun ochiq. Qizig’i shundaki, ushbu kurslarda o’qish bepul va ularni muvaffaqiyatli tamomlaganlar maxsus diplom bilan taqdirlanadi.
Internet orqali dars materiallarini bepul va erkin tarqatishga mo’ljallangan “Ochiq darsxona” (Open courseware) deya nomlanuvchi elektron tizim bundan o’n yilcha muqaddam MTI tomonidan tashkil etilgan edi. Shundan so’ng yuzlab boshqa kollej va universitetlar ham dars materiallarini internetga barcha uchun bepul va ochiq qo’yish amaliyotini yo’lga qo’ydi. Bugunga kelib MTI va Stenford universiteti ushbu amaliyotni yangi bosqichga ko’tarishga qaror qildi. Ular endi nafaqat kursda o’tiladigan materiallarni, balki darsning o’zini ham bepul taqdim etishmoqda.
Stenfordda kompyuter bo’yicha ikki mutaxassis dastlab “Sun’iy zukkolik faniga kirish” (Introduction to Artificial Intelligence) nomli bepul “onlayn” kurs tashkil etdi. Dunyoning 190 dan ortiq mamlakatidan jami 160 mingdan ziyod talaba kursga yozildi. Ko’ngillilar yordamida kurs materiallari qisqa muddat ichida dunyoning 44 tiliga tarjima ham qilindi. Ishtirokchilarning 23 ming nafari kurs materiallarini to’liq tamomlab, imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tdi hamda ushbu kursni bitirganlik to’g'risidagi guvohnomaga ega bo’ldi.







Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.