Amerika Ovozi  Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

Markaziy Osiyo - ziddiyatlar maskani

28/07/2008

O'zbekistonlik mustaqil kuzatuvchilar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik ijobiy darajada emas, ayniqsa chegaradagi ahvol og`irligicha qolmoqda. Sharhlovchilarga ko`ra mintaqa muammolarini hamkorlikda hal qiladigan umumiy bir tashkilot shakllanmas ekan, ziddiyatlar kuchayishi mumkin. Mintaqa davlatlarida avtoritar boshqaruv usulining mavjudligi ham muammolarga sabab sifatida ko'rilmoqda. 

Sharhlovchilarga ko`ra chegara muammosi mintaqa aholisini qiynayotgan, turli darajadagi ziddiyatlarga asos bo`layotgan omillardan biri.

Chegara siyosatining shakllanishi ko`p jihatdan rasmiy Toshkentga bog`liq, O`zbekiston mintaqa markazida joylashgan, barcha davlatlar bilan umumiy chegaraga ega. Ayni paytda faqat Qozog`iston bilan chegara nisbatan ochiq holda saqlanmoqda, boshqa davlatlar bilan esa viza tartibi mavjud.

Qirg`izistonning AKI-press axborot agentligiga ko`ra, Namanganda ikki nafar fuqaro chegarani noqonuniy kesib o`tganlikda ayblanib 6 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ulardan biri Qirg'iziston, ikkinchisi esa O`zbekiston fuqarolari bo'lgan er-xotin ekani ta'kidlanmoqda.   

Shu paytgacha chegara mojarolarida yuzlab markaziy osiyoliklar qurbon bo'lgan. Ularning ko'plari chegara atrofiga qo'yilgan mina va chegarachilar o'qidan o'lgan.

Chegara mojarolari ayniqsa Toshkent va Dushanbe o`rtasida keskin. Tomonlarning xavfsizlik masalalari bo'yicha ham bir-biriga e'tirozi bor. Yaqinda Dushanbeda ro'y bergan portlashlarda O`zbekistonning qo`li borligi ta`kidlandi, rasmiy Toshkent bu iddaoni javobsiz qoldirgan.

"O`zbekiston va Tojikiston aloqalari o`ta taranglashgan va og'ir ahvolda. Tojikiston matbuotida "O`zbekistonning dushmanona harakatlari tufayli Tojikiston transport qamalida va og'ir iqtisodiy ahvolda qolgan" qabilidagi ma`lumotlar tez-tez chiqib turadi. Meningcha aloqalar yana ancha vaqtgacha shu zaylda davom etadi", - deydi sharhlovchi Kamron Aliyev.

Kuzatuvchilar ziddiyatlar qardosh xalqlar o`rtasida emas,  rahbarlar o`rtasidagi munosabatlar tufayli chigallashganini ta`kidlashadi. Mintaqa davlatlarida avtoritar boshqaruvning hukmronligi qardosh xalqlar munosabatlarini ayrim shaxslar kayfiyatiga bog`lab qo`ymoqda.   

Sharhlovchilarga ko`ra kuchli avtoritarligi bilan tanilgan marhum Saparmurod Niyozovning hokimiyatdan ketishi, sekinlik bilan bo`lsada, eng yopiq davlatlardan biri bo`lgan Turkmanistonni mintaqaviy jarayonlarga va dunyo siyosatiga ochib bormoqda.

Yangi prezident Qurbonguli Berdimuhammedov boshqaruvi ostida O`zbekiston bilan aloqalar tiklandi, Yevropa Ittifoqi va AQSh kabilar bilan hamkorlik rivojlanmoqda, Turkmaniston va Ozarbayjon munosabatlarini iliqlashtirish uchun muzokaralar yuritilmoqda.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko`ra mintaqa davlatlari o`rtasida doimiy ziddiyatli munosabatlar saqlanayotgani nafaqat rahbarlar shaxsiga, balki tashqi siyosiy muhutga ham bog`liq.

"Agar ular haqiqatda Rossiyadan mustaqil bo`lib, dunyoning boshqa davlatlari bilan alohida integratsiyaga kirishsagina, bir-biriga yaqinlashadi, mustaqil bo`ladi. Mustaqil bo`lmagan odamning esa ixtiyori o`zida bo`lmaydi. Sovet davrida ham qo`shnilar munosabati yaxshi bo`lmagan. Bu borada SSSRning zimdan yuritadigan siyosati bor edi, o'sha siyosatni Rossiya davom ettiryapti", - deydi Tashanov.

Kanadaning "National Post" gazetasida yaqinda bosilgan  maqolaga ko`ra, Markaziy Osiyoni avtoritar rahbarlarida Rossiyadagi "suveren demokratiya" usuliga taqlid kuchaymoqda va bu Rossiya tomonidan rag`batlantirilmoqda. 

Muxolifatdagi "Ozod dehqonlar" partiyasi yetakchisi Nigora Hidoyatovaga ko`ra, mintaqadagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun mavjud tuzumlar demokratik boshqaruvga o`tishi, mintaqa yagona bir iqtisodiy tashkilotga birlashishi kerak.

"Bu yolg'iz Qirg`iziston yoki Qozog`istonning demokratik tuzumga o`tishiga emas, balki butun mintaqada demokratik tamoyillarning qaror topishiga bog`liq. Markaziy Osiyo sobiq Ittifoq davrida umumiy bozor atrofida birlashgan. Birlashish hozirgi sun`iy to`siqlarga qaramasdan amalga oshadigan jarayon, biz shunga kelamiz. Hozir muammolar yanada keskinlashmoqda, masalan mintaqada kuzatilayotgan qirg`oqchilik", - deydi Hidoyatova.

Markaziy Osiyoda hamkorlik asosan  ikki tomonlama aloqalarga ko`ra yuritiladi, biroq mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar natijasiz tugamoqda.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?